PERETA ko'rsatmalar
PERETA®
dori preparatini tibbiyotda qo‘llash bo‘yicha
YO‘RIQNOMA
Savdo nomi:
Pereta®
Xalqaro patentlanmagan nomi
Pertuzumab
Dori shakli
Infuziya uchun eritma tayyorlash uchun konsentrat
Tarkibi
1 flakon quyidagilarni saqlaydi:
faol modda: pertuzumab – 420 mg;
yordamchi moddalar: L-gistidin – 43,5 mg, 99,8% sirka kislotasi – 9,2 mg, saxaroza –
575,1 mg, polisorbat 20 – 2,8 mg, in‘eksiya uchun suv 14 ml gacha.
Pertuzumabning konsentrasiyasi 30 mg/ml.
Ta‘rifi
Tiniq yoki rangsiz toblanuvchi yoki biroz jigarrang rangli suyuqlik.
Farmakoterapevtik guruhi
O‘smalarga qarshi vosita, monoklonal antitelalar.
ATX kodi: L01XC13
Farmakologik hususiyatlari
Farmakodinamikasi
Ta‘sir mexanizmi
Pertuzumab dimerizasiya uchun javob beradigan hujayradan tashqari II HER2 subdomeni (odamning epidermal o‘sish faktori reseptorining 2-turi) bilan o‘zaro tanlab ta‘sir qiladigan odamning rekombinant monoklonal antitelalardir. Pertuzumabni subdomen II bilan bog‘lanishi HER2 ni HER oilasiga mansub bo‘lgan boshqa oqsillar, shu jumladan EGFR (odamning epidermal o‘sish faktori reseptori), HER3 (odamning epidermal o‘sish omili reseptorining 3-turi) va HER4 (odamning epidermal o‘sish omili reseptorining 4 turi) bilan ligandga bog‘liq geterodimerizasiya jarayonini bloklaydi. Shunday qilib, pertuzumab hujayralar ichidagi signallarni ikkita asosiy signal yo‘llari: mitogen-faollashtirgan proteinkinaza yo‘li (MAP-MFN) va fosfoinozitid-3-kinaza (PI3K) yo‘li bo‘ylab ligand inisiasiyalagan o‘tishini ingibisiya qiladi. Ushbu signal yo‘llarini susayishi muvofiq ravishda hujayralarning o‘sishini to‘xtashiga va apoptozga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, pertuzumab antitelaga bog‘liq hujayra sitotoksikligi (ABHS) ni faollashishiga yordam beradi.
Pertuzumabning molekulyar massasi taxminan 148 kDa ni tashkil etadi, va boshqa monoklonal antitelalar kabi, pertuzumab gematoensefalik to‘siq orqali deyarli o‘tmasligi kutiladi.
Monoagent ko‘rinishidagi pertuzumab odamdagi o‘sma hujayralari proliferasiyasini ingibisiya qiladi. Pertuzumab trastuzumab bilan majmuada qo‘llanganida HER2 ni giperekspressiyasi bilan ksenotransplantat modellarida pertuzumabning o‘smalarga qarshi faolligini kuchayishi ko‘rsatilgan.
Immunogenligi
Trastuzumabni dosetaksel bilan majmuada qabul qilgan, sut bezining metastatik raki bilan xastalangan bemorlarning taxminan 6,2% da, va trastuzumabni dosetaksel hamda pertuzumab bilan majmuada qabul qilgan bemorlarning 2,8% da ATA aniqlangan. Anafilaktik reaksiya/o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalarini rivojlanishi bilan pertuzumabga nisbatan antitelalarni hosil bo‘lishidagi bog‘liqlik pasientlarning hech birida aniqlanmagan.
Immunogenlikni tahlil natijalari tahlilning sezuvchanligi va spesifikligi, tahlilni o‘tkazish metodologiyasi, yig‘ilgan namunalar bilan o‘tkaziladigan manipulyasiya, namunalarni yig‘ish vaqti, yondosh preparatlar va asosiy kasallikni xarakteri kabi turli omillarga ahamiyatli darajada bog‘liqdir. Ushbu mulohazadan kelib chiqqan holda, pertuzumabga antitelalarni aniqlash tez-tezligi va boshqa biologik preparatlarga antitelalarni aniqlash tez-tezligini qiyoslash informativ bo‘lmasligi mumkin.
Farmakokinetikasi
O‘smalarning har xil turlari bo‘lgan pasientlarda pertuzumab turli dozalarda (2 dan 25 mg/kg) vena ichiga (v/i) yuborilganidan so‘ng uning farmakokinetikasi o‘rganilmagan.
Pertuzumabning klirensi dozasiga va ko‘rsatmalarga bog‘liq bo‘lgan.
Farmakokinetik ko‘rsatkichlari preparatning yoshiga, jinsiga va etnik mansubligiga (yapon yoki boshqa etnik guruhlar) bog‘liq emas.
Albuminning boshlang‘ich konsentrasiyasi va “tana vaznining og‘irligi” (yog‘ to‘qimasining vazni hisobga olinmagan holda tana vaznini xarakterlaydigan kattalik) kattaligi pertuzumabning klirensiga ahamiyatsiz ta‘sir ko‘rsatadi, bunda albuminning boshlang‘ich konsentrasiyasi yoki tana vazniga qarab, pertuzumabning dozasiga tuzatish kiritish zarurati yo‘q.
So‘rilishi
Pertuzumab vena ichiga yuboriladi. Preparatni boshqa yuborish yo‘llari o‘rganilmagan.
Taqsimlanishi
Vena ichiga yuborilganidan so‘ng periferik kamerada taqsimlanish hajmi (Vp) 2,46 l, markaziy kameradagi (Vc) esa – 3,11 l ni tashkil etadi va plazmaning hajmiga taxminan teng bo‘ladi. Muvozanatli holatda (Vss) pertuzumabning Vc qiymati va taqsimlanish hajmi, preparatni taqsimlanishi faqat plazmada va hujayralardan tashqari suyuqlikda yuz berishidan dalolat beradi.
Metabolizmi
Pertuzumabning metabolizmi o‘rganilmagan. Boshqa antitelalar kabi, pertuzumab asosan katabolizmga uchraydi.
Chiqarilishi
Pertuzumabning klirensi sutkada taxminan 0,235 l ni tashkil etadi, yarim chiqarilish davri (T1/2) taxminan 18 kunga teng.
Ayrim pasientlar guruhida preparatning farmakokinetikasi
Keksa yoshdagi va qariya pasientlar
Keksa yoshidagi (≥ 65 yosh) va qariya (≥ 75 yosh) pasientlarda pertuzumabning farmakokinetikasini o‘rganish bo‘yicha maxsus tadqiqotlar o‘tkazilmagan. Populyasion tahlil natijalariga ko‘ra, yosh pertuzumabning farmakokinetik ko‘rsatkichlariga ta‘sir ko‘rsatmaydi.
Buyrak faoliyatini buzilishi bo‘lgan pasientlar
Buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan pasientlarda pertuzumabning farmakokinetikasini o‘rganish bo‘yicha maxsus tadqiqotlar o‘tkazilmagan. Populyasion tahlil natijalariga ko‘ra, yengil darajadagi (kreatinin klirensi (KK) minutiga 60-90 ml), o‘rtacha (KK minutiga 30-60 ml), og‘ir darajadagi va terminal bosqichdagi (KK < 30 ml/min) buyrak yetishmovchiligi pertuzumabning ekspozisiyasiga ta‘sir ko‘rsatmaydi. Biroq, o‘rtacha, og‘ir darajadagi va terminal bosqichdagi buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan pasientlar uchun ma‘lumotlar cheklangan.
Jigar faoliyatini buzilishi bo‘lgan pasientlar
Jigar faoliyatini buzilishi bo‘lgan bemorlarda pertuzumabning farmakokinetikasini bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilmagan.
Qo‘llanilishi
Sut bezining metastatik raki
Sut bezining HER2 o‘sma giperekspressiyasi bo‘lgan metastatik yoki mahalliy qaytalanuvchi, operasiya qilib bo‘lmaydigan rakida metastatik kasallik bo‘yicha ilgari HER2 spesifik davolash yoki kimyoviy davolash o‘tkazilmaganida trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada qo‘llanadi.
Sut bezi rakini noad‘yuvant davolash
Sut bezining HER2 o‘smali gipersekresiyasi bilan kechuvchi mahalliy-tarqalgan, yallig‘langan yoki erta rakida (o‘smaning diametri 2 sm dan ortiq) tarkibida ftorurasil, epirubisin va siklofosfamid (FES) yoki karboplatin bo‘lgan davolash sxemasi bilan trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada qo‘llanadi.
Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar
Pertuzumabga va preparatning boshqa komponentlariga o‘ta yuqori sezuvchanlik.
Homiladorlik va emizish davri.
18 yoshgacha bo‘lgan bolalar (preparatni qo‘llash samaradorligi va xavfsizligi aniqlanmagan).
Yurakning chap qorinchasini zarb hajmi fraksiyasi (CHQZHF) qiymati davolashdan oldin < 50%.
Anamnezida surunkali yurak yetishmovchiligi.
Nazorat qilib bo‘lmaydigan arterial gipertenziya.
Yaqinda o‘tkazilgan miokard infarkti.
Pereta™ preparatini buyurish vaqtida dorilar bilan davolashni talab etadigan yurak ritmini jiddiy buzilishlari, yurak bo‘lmachalari fibrillyasiyasi va paroksizmal qorinchalar usti taxikardiyasi bundan mustasno.
Doksorubisinning kumulyativ dozasi yoki preparatning dozasiga > 360 mg/m2 ekvivalent dozasi bilan antrasiklinlar bilan oldindan davolash.
Jigar faoliyatini buzilishlari (preparatni qo‘llash samaradorligi va xavfsizligi o‘rganilmagan) da preparatni qo‘llash mumkin emas.
Ehtiyotkorlik bilan
Trastuzumab bilan oldindan ad‘yuvant davolash fonida yurakning CHQZHF ni <50% darajagacha pasayishi. Antrasiklinlar bilan oldindan davolash yoki ko‘krak qafasi sohasini oldindan nur bilan davolash; yurakning chap qorinchasi faoliyatini izdan chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlar; buyrak faoliyatini buzilishlarida ehtiyotkorlik bilan buyuriladi.
Homiladorlik va emizish davrida qo‘llanishi
Reproduktiv potensialga ega bo‘lgan ayollar va preparatni qabul qilayotgan pasientlarning jinsiy sheriklari hisoblangan tug‘ruq yoshidagi ayollar, Pereta™ ni qo‘llash fonida va oxirgi dozasi yuborilgandan so‘ng 6 oy davomida samarali kontrasepsiya usullaridan foydalanishlari kerak.
Yavan makakalarida Pereta® preparatini o‘rganish bo‘yicha o‘tkazilgan klinika oldi tadqiqotlarida organogenez davrida buyrak rivojlanishini kechikishi, homilaning atorofidagi suvni kam bo‘lishi, va homilani o‘limi aniqlangan.
Qo‘llash usuli va dozalari
Pereta® preparati bilan davolashni boshlashdan oldin HER2 ni o‘sma ekspressiyasiga sinama o‘tkazish kerak. Bajarilishi kerak bo‘lgan mezonlar immunogistoximik tahlil (IHC) natijalari bo‘yicha 3+ ball va/yoki in situ (ISH) gibridizasiya natijalari bo‘yicha amplifikasiya darajasi ≥ 2,0 hisoblanadi. Aniq va validasiya qilingan sinama usullaridan foydalanish kerak. HER2-sinamasini o‘tkazish bo‘yicha shunday ko‘rsatmalar va uning natijalarini interpretasiya qilish HER2 statusni aniqlash uchun mo‘ljallangan validasiyalangan sinama-tizimlarini qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalarida keltirilgan.
Pereta® preparati bilan davolash onkologik kasalliklarni davolash tajribasiga ega bo‘lgan shifokorning nazorati ostida o‘tkazish kerak.
Pereta® preparati faqat vena ichiga tomchilab yuboriladi! Preparatni vena ichiga oqim bilan yoki bolyus holida yuborish mumkin emas!
Dozalash tartibi
Birinchi dozasi yuborilganida infuziyaning davomiyligi 60 minutni tashkil etishi kerak. Agar birinchi infuziya yaxshi o‘zlashtirilsa, navbatdagilarini 30-60 minut davomida yuborish mumkin.
Pereta® preparati
Pereta® preparatining yuklama dozasi 840 mg ni tashkil etadi, vena ichiga tomchilab 60 minutlik infuziya holida yuboriladi. Keyinchalik 3 haftadan keyin va har 3 haftada
420 mg li samarani bir maromda saqlab turuvchi doza 30-60 minutlik infuziya holida yuboriladi.
Trastuzumab
Pereta® preparati bilan majmuada qo‘llanganida quyidagi dozalash tartibi tavsiya etiladi:
yuklama doza – tana vazniga 8 mg/kg vena ichiga tomchilab 90 minutlik infuziya holida yuboriladi;
samarani bir maromda saqlab turuvchi doza – tana vazniga 6 mg/kg har 3 haftada vena ichiga tomchilab 30-60 minut davomida yuboriladi.
Samarani bir maromda saqlab turuvchi dozasi yuklama dozasi yuborilgandan so‘ng 3 haftadan keyin yuboriladi.
Dosetaksel
Pereta™ preparati bilan majmuada qo‘llanganida dosetakselning tavsiya etilgan boshlang‘ich dozasi 75 mg/m2 ni tashkil etadi vena ichiga infuziya holida yuboriladi, shundan so‘ng preparatni aynan shu dozada har 3 haftada yuboriladi. Birinchi siklda preparat yaxshi o‘zlashtirilganida navbatdagi sikllarda dosetakselning dozasi 100 mg/m2 gacha oshirilishi mumkin.
Pereta® preparati, trastuzumab va dosetaksel faqat ketma-ket qo‘llanishi kerak. Peret® preparati va trastuzumabni istalgan ketma-ketlikda yuborish mumkin. Pereta® preparati har safar infuziya qilingandan so‘ng va trastuzumab yoki dosetakselni yuborishdan oldin 30-60 minut davomida pasientni kuzatish tavsiya etiladi. Dosetakselni ham Pereta® preparati, ham trastuzumab yuborilganidan so‘ng yuborish tavsiya etiladi.
Sut bezi rakini noad‘yuvant davolash
Pereta® preparati, trastuzumab va dosetaksel yuqorida ta‘riflangan dozalash tartibiga muvofiq jarrohlik operasiyasini o‘tkazishdan oldin qo‘llanadi.
Pereta® preparati, trastuzumab va dosetakselni qo‘llash sut bezining erta rakini quyidagi davolash sxemalarining birini tarkibida ko‘rsatilgan:
- trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada Pereta® preparati bilan 4 davolash sikli, so‘ngra ftorurasil, epirubisin va siklofosfamid (FES) bilan operasiyadan keyin davolash 3 ta sikl;
- ftorurasil, epirubisin va siklofosfamid bilan operasiyadan oldin 3 davolash sikli, so‘ngra trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada Pereta® preparati bilan 3 ta davolash sikli;
- Karboplatin bilan majmuada Pereta® preparati, trastuzumab va dosetaksel bilan 6 ta davolash sikli (dosetakselning dozasini 75 mg/m2 dan oshirish tavsiya etilmagan).
Jarrohlik operasiyasidan so‘ng trastuzumab bilan umumiy davolash davomiyligi 1 yilni tashkil etmagunicha trastuzumab bilan davolashni davom ettirish kerak.
Pereta® preparatini antrasiklinlar bilan bir vaqtda davolashni tavsiya etish uchun mavjud ma‘lumotlar yetarli emas.
Davolash davomiyligi
Sut bezini metastatik raki
Kasallikni avj olib borish belgilari yoki yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan zaharlanish belgilari paydo bo‘lganida Pereta® preparati bilan davolashni to‘xtatish kerak.
Sut bezi rakini noad‘yuvant davolash
Pereta® preparatini tanlangan davolash sxemasiga qarab, 3, 4 yoki 6 sikl davomida yuborish kerak (yuqoriga qarang).
Rejali yuborishni o‘tkazib yuborish
Agar pertuzumabni rejali yuborishni o‘tkazib yuborilgan vaqt 6 haftadan kamni tashkil etsa, preparatni imkon boricha tezroq, navbatdagi rejali yuborishni kutmasdan, 420 mg dozada vena ichiga 30-60 minut davomida tomchilab yuborish kerak.
Agar pertuzumabni yuborishdagi tanaffus 6 hafta va undan ortiq vaqtni tashkil etgan bo‘lsa, preparatni 840 mg li boshlang‘ich dozada vena ichiga 60-minutlik infuziya holida tomchilab yuborish kerak. So‘ngra preparatni yuborishni 420 mg dozada har 3 haftada vena ichiga 30-60 minutlik infuziya holida davom ettirish kerak.
Dozaga tuzatish kiritish
Pereta® preparatining dozasini pasaytirish tavsiya etilmaydi.
Trastuzumabning dozasini pasaytirish tavsiya etilmaydi.
Agar trastuzumab bilan davolash bekor qilingan bo‘lsa, Pereta® preparatini bekor qilish kerak.
Dosetaksel bekor qilinganida sut bezining metastatik rakini Pereta® preparati va trastuzumab bilan davolashni kasallik avj olib borgunicha yoki yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan toksiklik rivojlanunicha davom ettirish mumkin.
Kimyoterapiya oqibatidagi qaytar mielosupressiya rivojlanganida neytropeniya bilan bog‘liq bo‘lgan asoratlar sinchiklab nazorat qilingandagina davolashni davom ettirish mumkin. Dosetaksel va kimyoterapiya uchun boshqa prepratlarning dozalarini modifikasiyasi bo‘yicha ko‘rsatmalar preparatlarni tibbiyotda qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomalarida ko‘rsatilgan.
Yurakning chap qorinchasi faoliyatini izdan chiqishi
Pereta® preparati va trastuzumabni yuborilishi quyidagi holatlarda kamida 3 haftaga to‘xtatilishi kerak:
- CHQZHF 40% dan past darajagacha pasayganida;
- CHQZHF davolashdan oldin qiymatlarga nisbatan ≥ 10% ga pasayganida CHQZHF qiymati 40-45% bo‘lganida.
Agar CHQZHF > 45% gacha tiklansa yoki davolashdan oldin kuzatilgan qiymatlarga nisbatan < 10% ga pasayganida 40-45% bo‘lsa, Pereta® preparati va trastuzumab bilan davolashni boshlash mumkin.
Agar 3 haftadan keyin takroran baholash ma‘lumotlari bo‘yicha CHQZHF oshmasa yoki uni pasayishi davom etaversa, agar har bir aniq holatda, ularni qo‘llashdan kutilgan foyda xavfdan ustun bo‘lmagan holatdagina, Pereta® preparati va trastuzumab bilan davolashni bekor qilish kerak.
Infuzion reaksiyalar
Infuzion reaksiya rivojlanganida infuziya tezligini kamaytirish yoki preparatni yuborishni vaqtinchalik to‘xtatish kerak.
O‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari
Jiddiy o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari rivojlanganida infuziyani zudlik bilan to‘xtatish kerak.
Dozalash bo‘yicha maxsus ko‘rsatmalar
Keksa yoshdagi va qariya pasientlar
Keksa yoshdagi pasientlar va qariya pasientlarda preparatning dozasiga tuzatish kiritish talab etilmaydi.
Buyrak faoliyatini buzilishi bo‘lgan pasientlar
Yengil (KK minutiga 60-90 ml) va o‘rtacha (KK minutiga 30-60 ml) og‘irlik darajasidagi buyrak yetishmoviligi bo‘lgan pasientlarda Pereta® preparatining dozasiga tuzatish kiritish talab etilmaydi. Og‘ir darajadagi va terminal bosqichdagi (KK < 30 ml/min) buyrak yetishmovchiligi bo‘lgan pasientlarda preparatning farmakokinetikasi yuzasidan ma‘lumotlar cheklangan, shuning uchun dozalash bo‘yicha maxsus ko‘rsatmalar berish imkoni yo‘q.
Jigar faoliyatini buzilishi bo‘lgan pasientlar
Jigar faoliyatini buzilishi bo‘lgan pasientlarda Pereta® preparatini qo‘llash samaradorligi va xavfsizligi o‘rganilmagan.
Bolalar
Bolalar va 18 yoshgacha bo‘lgan o‘smirlarda preparatni qo‘llash samaradorligi va xavfsizligi aniqlanmagan.
Infuziya uchun eritmani tayyorlash
Bexosdan hato qilishdan saqlanish maqsadida flakondagi yorliqni tekshirish va Pereta® preparati qo‘llamoqchi bo‘lganizga ishonch hosil qilish kerak.
Diqqat! Pereta® preparati 5% li dekstroza eritmasi bilan nomutanosibdir.
Preparatni bunday eritmada suyultirish Pereta® preparatini kimyoviy va fizikaviy beqarorligiga olib keladi. Pereta® preparatini faqat 0,9% li natriy xloridi eritmasida suyultirish kerak.
Pereta® preparatini boshqa dori preparatlari bilan aralashtirish yoki suyultirish mumkin emas.
Pereta® preparatining eritmasi polivinilxlorid (PVX), polietilen va poliolefin (tarkibida PVX saqlamagan) dan tayyorlangan infuzion paketchalardagi eritmalar bilan nomutanosibdir.
Preparatni yuborishga tayyorlash aseptik sharoitlarda bajarilishi kerak.
Pereta® preparati tarkibida antimikrob konservantlarni saqlamaydi. Shu sababli, infuziya uchun tayyorlangan eritmaning sterilligini saqlash uchun ehtiyotkorlik choralariga rioya qilish kerak. Pereta® preparati bo‘lgan flakon faqat bir marta qo‘llash uchun mo‘ljallangan.
Flakon (flakonlar) dan barcha suyuq konsentratni tortib olish va uni 0,9% li natriy xloridining 250 ml eritmasi bo‘lgan infuzion paketga yuborish kerak.
Tayyor eritmaning konsentrasiyasi yuklama dozasi uchun taxminan 3,36 mg/ml (840 mg/250 ml) va samarani bir maromda saqlab turuvchi dozasi uchun 1,68 mg/ml (420 mg/250 ml) ni tashkil etadi.
So‘ngra infuzion paketni eritma aralashishi uchun, ko‘pik hosil bo‘lishidan saqlangan holda ehtiyotkorlik bilan to‘ntarish kerak. Preparatni yuborishdan oldin eritmada mexanik aralashmalar yo‘qligi va rangini o‘zgarganligini aniqlash maqsadida uni tekshirish (vizual ravishda) kerak.
Ayrim hollarda, agar infuziya uchun eritmani tayyorlanishi nazoratlangan va validasiya qilingan aseptik sharoitlarda bajarilgan bo‘lsa, tayyorlangan eritma 2-8oS xaroratda ko‘pi bilan 24 soat davomida saqlanishi mumkin. Bunda saqlash sharoitiga (saqlash qoidasi va davomiyligi) eritmani tayyorlagan mutaxassis javob beradi.
Nojo‘ya ta‘siri
O‘smalarga qarshi turli preparatlar bilan majmuada qo‘llanganida Pereta® preparatining xavfsizlik profili o‘zgarmasdan qoladi, biroq eng ko‘p kuzatiladigan noxush reaksiyalarning turi va tez-tezligi Pereta® preparati bilan monoterapiya o‘tkazilgandagi noxush reaksiyalardan farqlanadi.
Sut bezini metastatik raki
Sut bezining metastatik rakini davolash sifatida Pereta® preparatini trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada qo‘llash bilan bog‘liq bo‘lgan, eng ko‘p kuzatiladigan noxush reaksiyalar (50% dan ortiq pasientlarda kuzatilgan) diareya, alopesiya va neytropeniya bo‘lgan.
Rak Milliy instutining tasnifi National Cancer Institute Common Terminology Criteria of Adverse Events (NCI-CTCAE), 3 versiyasi bo‘yicha eng ko‘p kuzatiladigan (> 10%) 3-4 og‘irlik darajasidagi noxush reaksiyalar neytropeniya, febril neytropeniya va leykopeniya bo‘lgan.
10% dan kamroq tez-tezlik bilan kuzatilgan eng og‘ir darajadagi va klinik jihatdan ahamiyatli noxush reaksiyalar yurakning chap qorinchasi faoliyatini buzilishi, shu jumladan yurakning chap qorinchasini simptomatik sistolik disfunksiyasi (surunkali yurak yetishmovchiligi) bo‘lgan.
Dosetaksel bekor qilinganidan so‘ng noxush reaksiyalar diareya (28,1%), toshma (18,3%), yuqori nafas yo‘llari infeksiyalari (18,3%), bosh og‘rig‘i (17%), nazofaringit (17%), qichishish (13,7%), kuchli toliqish (13,4%), asteniya (13,4%), ko‘ngil aynishi (12,7%) va artralgiya (11,4%) dan tashqari kamroq chastotada (<10%) kuzatilgan.
Sut bezini noad‘yuvant davolash
Agar Pereta® preparati trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada operasiyadan oldin 4 sikl davomida, keyinchalik operasiyadan keyin FES bilan davolashni 3 sikli davomida qo‘llangan bo‘lsa, eng ko‘p kuzatilgan noxush reaksiyalar (≥ 50%) alopesiya va neytroeniya bo‘lgan. Eng ko‘p kuzatilgan (≥ 10%) 3-4 og‘irlik darajasidagi noxush reaksiya neytropeniya bo‘lgan. Agar Pereta® preparati trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada operasiyadan oldin FES bilan davolashning 3 sikli o‘tkazilgandan so‘ng operasiyadan oldin 3 sikl davomida qo‘llangan bo‘lsa, eng ko‘p kuzatilgan noxush reaksiyalar (≥ 50%) diareya, ko‘ngil aynishi va alopesiya bo‘lgan. Eng ko‘p kuzatilgan (≥ 10%) 3-4 og‘irlik darajasidagi noxush reaksiyalar neytropeniya va leykopeniya bo‘lgan.
Agar Pereta® preparati trastuzumab, dosetaksel va karboplatin bilan majmuada operasiyadan oldin 6 sikl davomida qo‘llangan bo‘lsa, eng ko‘p kuzatilgan noxush reaksiyalar (≥ 50%) diareya va alopesiya bo‘lgan. Eng ko‘p kuzatilgan (≥ 10%) 3-4 og‘irlik darajasidagi noxush reaksiyalar neytropeniya, febril neytropeniya, anemiya, leykopeniya va diareya bo‘lgan.
Sut bezini metastatik raki va sut bezi rakini noad‘yuvant davolash
Quyida sut bezini metastatik rakida Pereta® preparatini trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada o‘rganilganida va sut bezining mahalliy tarqalgan, yallig‘langan yoki erta rakini noad‘yuvant davolash sifatida Pereta® preparatini trastuzumab va kimyoterapevtik preparatlar bilan majmuada qo‘llab o‘tkazilgan tadqiqotlarda xabar berilgan noxush reaksiyalar keltirilgan. Pereta® preparati trastuzumab va kimyoterapevtik dori preparatlari bilan majmuada ishlatilganligi sababli, noxush ko‘rinishlar va konkret preparat o‘rtasidagi sabab-oqibat o‘zaro bog‘liqlik aniqlash muammodir. Noxush reaksiyalarning uchrash tez-tezligini ta‘riflash uchun quyidagi tasnifi ishlatiladi: juda tez-tez (≥1/10), tez-tez (≥1/100 va <1/10), tez-tez emas (≥1/1000 va <1/100), kam hollarda (≥1/10000 va <1/1000) va juda kam hollarda (<1/10000), shu jumladan yakka hollarda.
Qon va limfatik tizim tomonidan buzilishlar: juda tez-tez – neytropeniya, anemiya, leykopeniya, febril neytropeniya (shu jumladan, o‘lim bilan yakunlangan holatlar).
Immun tizimi tomonidan kuzatiladigan buzilishlar: juda tez-tez – o‘ta yuqori sezuvchanlik/anafilaktik reaksiyalar, infuzion reaksiyalar / sitokinlarni ajralib chiqishi sindromi.
Moddalar almashinuvi va ovqatlanish tomonidan buzilishlar: juda tez-tez – ishtahani pasayishi.
Ruhiy buzilishlar: juda tez-tez – uyqusizlik.
Nerv tizimi tomonidan buzilishlar: juda tez-tez – periferik neyropatiya, bosh og‘rig‘i, disgevziya (ta‘m bilish hissini o‘zgarishi); tez-tez – bosh aylanishi.
Ko‘rish a‘zolari tomonidan buzilishlar: tez-tez – ko‘z yoshini ajralishini oshishi (kuchayishi).
Yurak tomonidan buzilishlar: tez-tez – yurakning chap qorinchasi faoliyatini buzilishi; tez-tez emas – surunkali yurak yetishmovchiligi.
Nafas tizimi, ko‘krak qafasi va ko‘ks oralig‘i a‘zolari tomonidan kuzatiladigan buzilishlar: juda tez-tez – yo‘tal; tez-tez – hansirash, plevra bo‘shlig‘ida suyuqlikni to‘planishi; tez-tez emas – o‘pkaning interstisial kasalligi.
Me‘da-ichak yo‘llari tomonidan buzilishlar: juda tez-tez – diareya, ko‘ngil aynishi, qusish, qabziyat, stomatit, dispepsiya.
Teri va teri osti to‘qimalari tomonidan buzilishlar: juda tez-tez – alopesiya, toshma, tirnoqlar patologiyasi; tez-tez – qichishish, terini qurishi, paronixiy.
Skelet-mushak va biriktiruvchi to‘qima tomonidan buzilishlar: juda tez-tez – mialgiya, artralgiya.
Umumiy buzilishlar va yuborilgan joydagi buzilishlar: juda tez-tez – kuchli toliqish, asteniya, periferik shishlar, turli sohalardagi shilliq qavatlarni shishi, tana haroratini ko‘tarilishi, og‘riq, ikkilamchi infeksiyani qo‘shilishi (yuqori nafas yo‘llarining infeksiyalari, nazofaringit); tez-tez – et uvishishi.
Quyida ayrim noxush reaksiyalar yuzasidan batafsil ma‘lumot keltirilgan.
Yurakning chap qorinchasini disfunksiyasi
Sut bezining metastatik raki bo‘lgan pasientlarda Pereta® preparatini trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada qo‘llash fonida chap qorincha disfunksiyasi (CHQD) uchrash tez-tezligi va simptomatik CHQD ni uchrash tez-tezligi (muvofiq 6,6% va 1,5%) faqat trastuzumab va dosetakselni qo‘llash fonidagiga nisbatan (muvofiq 8,6% va 1,8%) pastroq bo‘lgan.
Pereta® preparatini trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada noad‘yuvant davolash fonida (operasiyadan oldingi 4 sikl) CHQD ni uchrash tez-tezligi, faqat trastuzumab va dosetaksel bilan noad‘yuvant davolash fonidagiga (muvofiq 7,5% va 1,9%) nisbatan yuqoriroq bo‘lgan. Faqat Pereta® preparati va trastuzumab qo‘llanganida simptomatik CHQD (surunkali yurak yetishmovchiligi) rivojlanish hollari qayd etilgan.
FES bilan 3 davolash siklini o‘tkazgan, operasiyadan oldin 3 sikl davomida Pereta® preparatini trastuzumab va dosetaksel bilan noad‘yuvant davolash fonida CHQD ni uchrash tez-tezligi 9,3%, simptomatik CHQD ni uchrash tez-tezligi – 1,3% ni tashkil etgan.
Pereta® preparati, trastuzumab, dosetaksel va karboplatin bilan noad‘yuvant davolash fonida CHQD ni uchrash tez-tezligi 6,6%, simptomatik CHQD ni uchrash tez-tezligi 1,3% ni tashkil etgan.
Infuzion reaksiyalar
Infuziya jarayonida yoki infuziya kunida rivojlangan o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalarni, anafilaktik reaksiyalar, o‘tkir infuzion reaksiyalar va sitokinlarni ajralib chiqishi sindromi infuzion reaksiyalarga kiritilgan. Faqat Pereta® preparati yuborilganidan so‘ng ko‘pchilik infuzion reaksiyalar yengil va o‘rtacha og‘irlik darajasida bo‘lgan va taxminan 13,2% pasientlarda kuzatilgan. Eng ko‘p kuzatilgan infuzion reaksiyalar tana haroratini oshishi, asteniya, et uvishishi, kuchli toliqish, o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari, qusish va bosh og‘rig‘i bo‘lgan. Pereta® preparati, trastuzumab va dosetakselni bir vaqtda yuborilganidan so‘ng, davolashning ikkinchi siklidan boshlab, eng ko‘p kuzatiladigan infuzion reaksiyalar kuchli toliqish, ta‘m bilish hissini o‘zgarishi, o‘ta yuqori sezuvchanlik, mialgiya, qusish bo‘lgan.
Sut bezining erta rakini noad‘yuvant davolash fonida ko‘pchiligi yengil va o‘rtacha og‘irlik darajasida bo‘lgan o‘xshash infuzion reaksiyalar kuzatilgan.
O‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari/anafilaksiya
Sut bezining metastatik raki bo‘lgan pasientlarda o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari / anafilaksiyani umumiy chastotasi trastuzumab va dosetaksel bir vaqtda yuborilganidan so‘ng 9,3% ni va Pereta™ preparati, trastuzumab va dosetakselni bir vaqtda yuborilganidan so‘ng 11,3% ni tashkil etgan; ushbu ko‘rinishlardan muvofiq 2,5% va 2% NCI-CTCAE tasnifining 3 versiyasi bo‘yicha 3- va 4-og‘irlik darajasi bilan xarakterlangan. Umuman olganda trastuzumab va dosetakselni bir vaqtda yuborilganidan so‘ng 0,5% pasientlarda va Pereta® preparati, trastuzumab va dosetaksel bir vaqtda yuborilganidan so‘ng 1% pasientlarda anafilaksiya rivojlangan.
Ko‘pchilik o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari yengil va o‘rtacha og‘irlik darajasida bo‘lgan va tegishli davolashdan so‘ng o‘tib ketgan. O‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalarini tahlil qilish natijalariga ko‘ra, preparatlarni dozalash tartibi o‘zgarganida, o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari dosetakselni infuziyasi bilan bog‘liq bo‘lganligi aniqlangan.
Noad‘yuvant davolash fonida o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari / anafilaksiyani uchrash tez-tezligi o‘xshash bo‘lgan.
Jarrohlik operasiyasidan oldin Pereta® preparati, trastuzumab va dosetaksel bilan 4 sikl noad‘yuvant davolash qabul qilgan pasientlarning 2,1% da anafilaksiya hollari qayd etilgan.
Pereta® preparatini trastuzumab, dosetaksel va karboplatin bilan majmuada noad‘yuvant davolash fonida qo‘llanganda o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari/anafilaksiyani umumiy rivojlanish tez-tezligi 13,2% ni tashkil etgan, bunda 2,6% pasientlarda NCI-CTCAE tasnifi (3 versiyasi) bo‘yicha 3- va 4-og‘irlik darajasidagi reaksiyalar kuzatilgan.
Laborator ko‘rsatkichlarni normadan siljishi
Sut bezining metastatik raki bo‘lgan bemorlarda trastuzumab va dosetaksel Pereta® preparati bilan birga va usiz bir vaqtda qo‘llanganida neytrofillar sonini NCI-CTCAE tasnifining 3 versiyasi bo‘yicha 3-4-og‘irlik darajada pasayishini uchrash tez-tezligi bir xil bo‘lgan, bu preparat qayd etilgandan keyingi davrda olingan ma‘lumotlar bilan to‘g‘ri keladi.
Dozani oshirib yuborilishi
Pereta® preparatining maksimal o‘zlashtiriladigan dozasi aniqlanmagan.
Tana vazniga 25 mg/kg (1727 mg) dozadan ortiq bo‘lgan bir martalik dozalari o‘rganilmagan.
Preparatning dozasi oshirib yuborilganida noxush reaksiyalarning belgilari yoki simptomlarini aniqlash va muvofiq simptomatik davolashni buyurish maqsadida pasientlarni diqqat bilan kuzatish kerak.
Boshqa dori vositalari bilan o‘zaro ta‘siri
Pereta® preparati va trastuzumab, dosetaksel, gemsitabin, erlotinib, kapesitabin o‘rtasida farmakokinetik o‘zaro ta‘sir belgilari aniqlanmagan.
Mutanosiblik
Pereta® preparati 5% li dekstroza eritmasi bilan mutanosib emas. Bunday eritmada suyultirish Pereta® preparatini kimyoviy va fizik beqarorligiga olib keladi.
Pereta® preparatini boshqa dori preparatlari bilan aralashtirish yoki suyultirish mumkin emas.
Pereta® preparatining eritmasi polivinilxlorid, polietilen va poliolefindan tayyorlangan infuzion paketlar bilan mutanosibdir.
Maxsus ko‘rsatmalar
Pereta® preparati immuno-gistoximik tahlil (IGX) usuli bilan aniqlangan HER2 o‘sma giperekspressiyasi, yoki HER2 genini in situ (FISH yoki CISH) gibridizasiya usuli bilan aniqlangan amplifikasiyasi bo‘lganidagina qo‘llanishi mumkin. HER2 sinamasi muolajalarning sifatini nazorat qilish mumkin bo‘lgan ixtisoslashtirilgan laboratoriyada o‘tkazilishi kerak.
Bemorning tibbiy hujjatlarida preparat (Pereta®) ning savdo nomini ko‘rsatish kerak. Preparatni biron-bir boshqa biologik dori preparatiga o‘zgartirish davolovchi shifokor bilan kelishishni talab etadi. Ushbu yo‘riqnomada keltirilgan ma‘lumot faqat Pereta® preparati uchun taalluqlidir.
Pereta® preparati bilan davolashni faqat onkolog kuzatuvi ostida o‘tkazish kerak.
Yurakning chap qorinchasi disfunksiyasi
HER2 ning faolligini bloklaydigan preparatlar, shu jumladan Pereta® preparatini qo‘llash fonida CHQZHF ni pasayishi kuzatilgan. Sut bezini metastatik raki bo‘lgan pasientlarda Pereta® preparatini trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada qo‘llash, faqat trastuzumab va dosetaksel qo‘llangandagiga nisbatan, chap qorinchaning simptomatik sistolik disfunksiyasi (surunkali yurak yetishmovchiligi) ni uchrash tez-tezligini oshishi yoki CHQZHF ni pasayishi bilan kechgan. Biroq, ilgari antrasiklinlar yoki ko‘krak qafasi sohasiga nur terapiyasini olgan pasientlarda CHQZH pasayish xavfi yuqori bo‘lishi mumkin.
Pereta® preparatini trastuzumab va dosetaksel bilan majmuada noad‘yuvant davolash qabul qilgan pasientlarda, trastuzumab va dosetakselni qabul qilgan pasientlarga nisbatan, chap qorinchaning disfunksiyasi ko‘proq rivojlangan. Ushbu pasientlar toifasida CHQZHF pasayishi Pereta® preparatini trastuzumab va dosetaksel bilan davolash fonida ko‘proq kuzatilgan, biroq ushbu ko‘rsatkich barcha pasientlarda ≥50% qiymatgacha tiklangan.
Pereta® preparatini qo‘llash samaradorligi va xavfsizligi CHQZHF ning dastlabki qiymati <50% bo‘lgan; anamnezida surunkali yurak yetishmovchiligi bo‘lgan; ilgari trastuzumab bilan ad‘yuvant davolash vaqtida CHQZHF <50% qiymatgacha pasayishi kuzatilgan pasientlarda; nazorat qilib bo‘lmaydigan arterial gipertenziya, yaqinda o‘tkazilgan miokard infarkti, dori vositalari bilan davolash talab etilgan yoki ilgari doksorubisinning kumulyativ dozasi bilan yoki preparatning > 360 mg/m2 ga ekvivalent dozasi bilan davolashni talab etuvchi yurak ritmini jiddiy buzilishlari kabi chap qorinchaning faoliyatini izdan chiqarishi mumkin bo‘lgan holatlarda o‘rganilmagan.
CHQZHF ni Pereta® preparatini qo‘llashdan oldin baholash va CHQZHF ushbu tashkilotda belgilangan normal qiymatlar chegarasida ekanligiga ishonch hosil qilish uchun davolash fonida muntazam ravishda (masalan, sut bezining metastatik rakini davolash vaqtida har 3 haftada va noad‘yuvant davolash vaqtida har 6 haftada) aniqlash kerak. Agar CHQZHF 40% dan kam yoki davolashdan oldin dastlabki darajadan ≥ 10% ga pasayganida 40-45% ni tashkil etsa, Pereta® preparati va trastuzumabni qo‘llashni to‘xtatish kerak. Agar taxminan 3-hafta davomida o‘tkazilgan takroran baholashdan so‘ng CHQZHF yaxshilanmasa yoki uni pasayishi davom etsa, agar konkret bir pasient uchun Pereta® preparatini va trastuzumabni qo‘llash afzalligi xavfdan ustunligi haqidagi masala hal qilinmasa, Pereta® preparati va trastuzumabni bekor qilish xaqidagi masalani ko‘rib chiqish kerak.
Infuzion reaksiyalar
Pereta® preparati qo‘llanganida infuzion reaksiyalar rivojlanishi mumkin. Pereta® preparati yuborilganida birinchi infuziya davomida yoki tugaganidan so‘ng 60 minut davomida, shuningdek navbatdagi infuziyalar mobaynida va ular tugaganidan so‘ng 30 minut davomida pasientlarni sinchiklab kuzatish kerak. Infuziyaga nisbatan klinik sezilarli reaksiya rivojlanganida infuziya tezligini sekinlashtirish yoki uni to‘xtatish va muvofiq davolash choralarini o‘tkazish kerak. Simptomlar butunlay yo‘qolgunicha pasientni sinchiklab kuzatish va uning holatini baholash tavsiya etiladi. Og‘ir darajadagi infuzion reaksiyalar kuzatilgan pasientlarda kuzatilgan reaksiyani og‘irlik darajasi va noxush reaksiya tufayli buyurilgan davolashga nisbatan javob reaksiyasining xarakterini hisobga olib, preparatni butunlay bekor qilish zaruratini baholash kerak.
O‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari / anafilaksiya
Og‘ir darajadagi o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari, shu jumladan anafilaksiya Pereta™ preparati bilan davolanish fonidan kuzatilgan. Pasientda o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalarini aniqlash maqsadida pasientning holatini sinchiklab kuzatish kerak. Kuzatilishi mumkin bo‘lgan o‘ta yuqori sezuvchanlik reaksiyalari / anafilaksiyani davolash uchun dori preparatlari, shuningdek shoshilinch yordam ko‘rsatish uskunalari zudlik bilan qo‘llash uchun tayyor bo‘lishi kerak.
Pasientda pertuzumabga va preparatning boshqa komponentlariga o‘ta yuqori sezuvchanligi bo‘lganida Pereta® preparatini qo‘llash mumkin emas.
Febril neytropeniya
Pereta® preparati, trastuzumab va dosetaksel bilan davolanayotgan pasientlarda faqat trastuzumab va dosetaksel bilan davolanayotgan, ayniqsa birinchi 3 sikl davolash davomida, pasientlarga nisbatan febril neytropeniyani rivojlanish xavfi yuqori bo‘ladi.
Pereta® preparati, trastuzumab va dosetaksel preparatlarini qabul qilgan pasientlarda va trastuzumab va dosetaksel preparatlarini qabul qilgan pasientlarda neytrofillar sonini maksimal qiymati bir xil bo‘lgan.
Shunday qilib, Pereta® preparatini qabul qilayotgan pasientlarda febril neytropeniyani yanada yuqoriroq rivojlanish chastotasi, ushbu pasientlarda mukozit va diareyani rivojlanish tez-tezligini yuqoriroq bo‘lishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin, shu sababli mukozit va diareyani simptomatik davolash ehtimolini ko‘rib chiqish kerak. Tayanch klinik tadqiqotlar vaqtida davolash sxemasidan dosetaksel olib tashlanganidan so‘ng febril neytropeniyani rivojlanish hollari xaqida xabar berilmagan.
Ishlatilgan preparat bilan muomalada bo‘lish
Ishlatilmagan preparat yoki yaroqlilik muddati tugagan preparatni yo‘qotish davolash tashkilotining talablariga muvofiq ravishda o‘tkazilishi kerak.
Transport vositalarini haydash va mashinalar hamda mexanizmlar bilan ishlash qobiliyatiga ta‘siri
Avtomobilni boshqarish va mexanizmlar bilan ishlash qobiliyatiga preparatning ta‘siri o‘rganilmagan. Ba‘zi noxush reaksiyalar, xususan bosh aylanishi rivojlanganida transport vositalari va mexanizmlarni boshqarishdan saqlanish kerak.
Chiqarilish shakli va o‘rami
Infuziya uchun eritma tayyorlash uchun konsentrat 420 mg/14 ml
Preparat 420 mg/14 ml dan rangsiz shisha flakonda (1 YeF gidrolitik sinf) ftorpolimer bilan laminasiyalangan butilkauchuk tiqin bilan berkitilgan, alyumin qalpoqcha bilan siqilgan va plastmassa qopqoq yopilgan. 1 flakon qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomasi bilan birga karton qutiga joylangan.
Yaroqlilik muddati
2 yil.
O‘ramida ko‘rsatilgan yaroqlilik muddati tugaganidan so‘ng ishlatilmasin.
Saqlash sharoiti
2-8oS haroratda, yorug‘likdan himoyalangan joyda saqlansin.
Bolalar ololmaydigan joyda saqlansin.
Dorixonalardan berish tartibi
Resept bo‘yicha.
Chiqarish shakllari