Panum ko'rsatmalar
QO‘LLASH BO‘YICHA YO‘RIQNOMA
PANUM®
PANUM®
Preparatning savdo nomi: Panum®
Ta‘sir etuvchi modda (XPN): pantoprazol
Dori shakli: vena ichiga yuborish uchun eritma tayyorlash uchun liofilizat.
Tarkibi:
1 flakon quyidagilarni saqlaydi:
faol modda: pantoprazol natriy seskvigidrati – 45,1 mg, bu pantoprazolga ekvivalent – 40,0 mg;
yordamchi moddalar: mannitol, in‘eksiya uchun suv.
Ta‘rifi: oq yoki deyarli oq rangli liofilizat.
Farmakoterapevtik guruhi: me‘da va o‘n ikki barmoq ichak yarasiga qarshi vosita (proton nasosi ingibitori).
ATX kodi: A02VS02
Farmakologik xususiyatlari
Farmakodinamikasi
Proton nasosi ingibitoridir. Me‘daning parietal xujayralarida H+/K+-ATF-azani ingibisiya qiladi, parietal xujayradan vodorod ionlarini me‘da bo‘shlig‘iga tashib o‘tilishi jarayonini izdan chiqaradi va xlorid kislotasini gidrofil sekresiyasining yakuniy bosqichini bloklaydi. Ta‘sirlovchining tabiatidan qat‘iy nazar (gistamin, gastrin, asetilxolin) bazal va rag‘batlantirilgan sekresiyani uzoq vaqt susaytiradi. Maksimal samarasi faqat kuchli kislotali muhitda (rN < 3) namoyon bo‘ladi, rN yuqoriroq ko‘rsatkichlarida deyarli nofaol bo‘lib qoladi.
Helicobacter pylori bilan assosiasiyalangan o‘n ikki barmoq ichak yara kasalligida me‘da sekresiyasini pasayishi mikroorganizmlarning antibiotiklarga sezgirligini oshiradi. Me‘da-ichak yo‘llarining motorikasiga ta‘sir ko‘rsatmaydi. Preparatni qabul qilish yakunlanganidan keyin 3-4 kun o‘tgach sekretor faollik tiklanadi.
Proton nasosning boshqa ingibitorlariga nisbatan pantoprazol sitoxrom R450 ga bog‘liq jigarning oksidaza tizimi bilan o‘zaro ta‘sirining past potensialiga ega. Shuning uchun preparat ko‘pchilik boshqa dori vositalari bilan o‘zaro ta‘sirlashmaydi.
Farmakokinetikasi
Taqsimlanish xajmi 0,15 l/kg, klirensi – soatiga 0,1 l/kg ni tashkil qiladi.
Preparatning yarim chiqarilish davri – 1 soat. Pantoprozolning farmakokinetikasi preparatni bir marta qo‘llagandan keyin ham, ko‘p marta qo‘llagandan keyin ham bir xil. 10 mg dan 80 mg gacha dozalar diapazonida pantoprazolning qon plazmasidagi konsentrasiyasining egri chizig‘i peroral qo‘llanilgandan keyin ham, vena ichiga yuborilgandan keyin ham proporsional bog‘liqlikka ega.
Pantoprazol qon plazmasidagi oqsillar bilan yuqori darajada (98%) bog‘lanadi. Jigarda metabolizmga uchraydi. Preparatning 80% metabolitlari ko‘rinishida buyraklar orqali, kamroq miqdori axlat bilan chiqariladi. Qon plazmasidagi va siydikdagi asosiy metaboliti – sulfatlar bilan kon‘yugasiyaga uchrovchi desmetilpantoprazoldir; asosiy metabolitning yarim chiqarilish davri – taxminan 1,5 soatni tashkil qiladi.
Buyrak faoliyatini buzilishi bo‘lgan bemorlarda (shu jumladan gemodializda bo‘lgan bemorlarda ham) preparatning dozasini kamaytirish talab etilmaydi.
Garchi bu bemorlarda asosiy metabolitning yarim chiqarilish davri 2-3 soatgacha oshsada, preparatni chiqarilishi tez amalga oshadi va to‘planishi kuzatilmaydi. Jigar yetishmovchiligi bo‘lgan bemorlarda pantoprazolning yarim chiqarilish davri 7-9 soatgacha oshadi, plazmadagi maksimal konsentrasiyasiga erishish vaqti sog‘lom pasientlarga nisbatan 1,5 marta oshadi.
Qo‘llanilishi
- me‘da va o‘n ikki barmoq ichak yara kasalligi (zo‘rayish bosqichidagi), eroziv gastrit, shu jumladan nosteroid yallig‘lanishga qarshi preparatlarni qabul qilish bilan bog‘liq gastrit.
- gastroezofageal reflyuks kasalligi; eroziv reflyuks-ezofagit (davolash), gastroezofageal reflyuks kasalligini (ya‘ni noeroziv reflyuks kasalligini) simptomatik davolash;
- Zollinger-Ellison sindromi;
- antibakterial vositalar bilan majmuada Helicobacter pylori eradikasiyasi;
- stress yaralari, shuningdek ularning asoratlarini (qon ketishi, perforasiya, penetrasiya) davolash va oldini olishda qo‘llanadi.
Qo‘llash usuli va dozalari
Preparatni peroral qabul qilish mumkin bo‘lmagan holatlarda vena ichiga yuborish tavsiya etiladi.
Tavsiya etilgan sutkalik dozasi 40 mg ni tashkil etadi.
Zollinger-Ellison sindromi va boshqa patologik gipersekretor holatlarni uzoq vaqt davolaganda, davolashning boshida sutkalik doza 80 mg ni tashkil etadi, u taqsimlanishi va kuniga ikki marta yuborilishi kerak. Sutkalik dozani 160 mg gacha vaqtincha oshirish mumkin.
Stress yaralari, shuning yara kasalligining asoratlari (qon ketishi, perforasiya, penetrasiya) bo‘lganida preparat 80 mg sutkalik dozada buyuriladi, u taqsimlanishi va kuniga ikki marta yuborilishi kerak. Sutkalik dozani 160 mg gacha vaqtincha oshirish mumkin.
Qo‘llashga tayyor in‘eksion eritmani tayyorlash uchun liofilizat saqlovchi flakonga 10 ml natriy xloridining fiziologik eritmasi qo‘shiladi.
Bu eritmani bevosita yuborish mumkin yoki u natriy xloridining fiziologik eritmasi yoki 5% li glyukoza eritmasi bilan aralashtirilgandan keyin qo‘llanishi mumkin. Tayyorlangan eritma 2-15 minut davomida vena ichiga yuboriladi va u tayyorlangandan keyin darhol qo‘llanadi. Tayyorlangan eritmani boshqa dori preparatlari bilan aralashtirish tavsiya etilmaydi.
Nojo‘ya ta‘sirlari
Tavsiya etilgan dozalarda buyurilganda nojo‘ya samaralar juda kam hollarda paydo bo‘ladi, lekin quyidagi kabi nojo‘ya samaralar paydo bo‘lishi mumkin:
a) tipik nojo‘ya samaralar: qorinning yuqori qismida og‘riq, diareya, qabziyat, meteorizm, bosh og‘rig‘i.
b) kam uchraydigan nojo‘ya samaralar (paydo bo‘lish tez-tezligi 10000 holatdan 1 tadan ko‘p emas): og‘izni qurishi, artralgiya, depressiya, gallyusinasiyalar, dezorientasiya va ongni chalkashishi.
v) juda kam hollarda uchraydigan nojo‘ya samaralar (10000 holatdan 1 tadan kamroq): leykopeniya, trombositopeniya, preparatni yuborish joyida tromboflebit, periferik shishlar, gepatosellyulyar yetishmovchilik (sariqlik bilan yoki jigar yetishmovchiligini rivojlanishisiz), anafilaktik reaksiyalar (shu jumladan anafilaktik shok), jigar fermentlari faolligini oshishi, trigliseridlar darajasini oshishi, tana haroratini oshishi; eshakemi, angionevrotik shish, Stivens-Djonson sindromi, ko‘p shaklli eritema, yorug‘likka sezuvchanlik, Layell sindromi; mialgiya, interstisial nefrit.
Qo‘llash mumkin bo‘lmagan holatlar
Preparatning komponentlariga yuqori sezuvchanlik, nevrotik genezli dispepsiya, me‘da-ichak yo‘llarining xavfli kasalligi, og‘ir jigar yetishmovchiligi, bolalar, laktasiya davrida qo‘llash mumkin emas.
Ehtiyotkorlik bilan
Homiladorlik; jigar yetishmovchiligida ehtiyotkorlik bilan qo‘llanadi.
Dorilarning o‘zaro ta‘siri
Panum® ni bir vaqtda qo‘llash biokiraolishligi me‘daning rN muhitiga bog‘liq preparatlarning (masalan: temir tuzlari, ketokonazol, atanazavir va ritonavir) so‘rilishini kamaytirishi mumkin.
Preparat quyidagi bemorlar guruhiga dorilarning o‘zaro ta‘siri xavfisiz buyurilishi mumkin:
- yurak glikozidari (digoksin), sekin kalsiy kanallari blokatorlari (nifedipin), beta-adrenoblokatorlar (metoprozol) qabul qilayotgan yurak-qon tomir tizimi kasalliklari bo‘lgan pasientlar;
- antasidlar, antibiotiklar (amoksisillin, klaritromisin) qabul qilayotgan me‘da-ichak yo‘llari kasalliklari bo‘lgan pasientlar;
- peroral kontraseptivlarni qabul qilayotgan pasientlar;
- nosteroid yallig‘lanishga qarshi preparatlarni (diklofenak, fenazon, naproksen, piroksikam) qabul qilayotgan pasientlar;
- glibenklamid, levotiroksin natriy qabul qilayotgan endokrin tizimi kasalliklari bo‘lgan pasientlar;
- diazepam qabul qilayotgan xavotirli holatlar va uyquni buzilishlari bo‘lgan pasientlar;
- karbamazepin va fenitoin qabul qilayotgan tutqanog‘i bo‘lgan pasientlar;
- varfarin va fenprokumon kabi bilvosita antikoagulyantlarni qabul qilayotgan pasientlar;
- siklosporin, takrolimus qabul qilayotgan transplantasiya o‘tkazgan pasientlar.
Preparatni teofillin, kofein va etanol bilan o‘zaro ta‘siri aniqlanmagan.
Maxsus ko‘rsatmalar
Preparatni peroral qabul qilish mumkin bo‘lmagan holatlarda vena ichiga yuborish tavsiya etiladi.
Pantoprazol nevrogen genezli dispepsiya kabi me‘da-ichak tomonidan yengil buzilishlarini davolash uchun tavsiya etilmaydi.
Davolashni boshlashdan oldin qizilo‘ngach va me‘daning xavfli kasalliklarini inkor etish kerak, chunki simptomatik yaxshilanish to‘g‘ri diagnoz qo‘yishni kechiktirishi va simptomatikani niqoblashi mumkin. Gastroezofageal reflyuks kasalligi tashhisi endoskopik tasdiqlanishi kerak. Keksa bemorlarda va buyrak faoliyatini buzilishi bo‘lganida sutkada 40 mg dozani oshirish tavsiya etilmaydi. Og‘ir jigar yetishmovchiligida preparatning sutkalik dozasi 20 mg gacha kamaytirilishi kerak, bunda jigar fermentlarini doimiy nazorat qilish zarur (ular oshgan hollarda – pantoprazol bilan davolash to‘xtatilishi kerak).
Homiladorlik
Preparatni homiladorlik davrida faqat ona uchun qo‘llashdan foyda, homila uchun potensial xavfdan yuqori bo‘lgan hollardagina qo‘llash mumkin.
Avtomobilni va turli mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta‘siri
Avtomobilni va harakatlanuvchi mexanizmlarni boshqarish qobiliyatiga ta‘sir qilmaydi.
Preparat bolalar ololmaydigan joyda saqlansin va yaroqlilik muddati o‘tgach ishlatilmasin.
Dozani oshirib yuborilishi
Tavsiya etilgan dozalarda qo‘llanilganda preparatning dozasini oshirib yuborilishi holatlari kuzatilmagan. Spesifik antidoti mavjud emas. Gemodializ samarasiz. Klinik ko‘rinishlar (nojo‘ya samaralar kuchayishi mumkin) bo‘lganida simptomatik va tutib turuvchi davolash o‘tkaziladi.
Chiqarilish shakli
Vena ichiga in‘eksiya uchun eritma tayyorlash uchun liofilizat 40 mg dan flakonda.
Bir flakon qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnomasi bilan karton qutiga joylanadi.
Saqlash sharoiti
25°S dan yuqori bo‘lmagan haroratda, quruq, yorug‘likdan himoyalangan joyda.
Yaroqlilik muddati
2 yil.
Dorixonalardan berish tartibi
Resept bo‘yicha.
Chiqarish shakllari